Kontent qismiga oʻtish

Taqriz

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Taqriz (arab. — ijobiy baho) — adabiy tanqid janri; yangi badiiy, ilmiy yoki ilmiy-ommabop asar tahlili.[1] T.da asarning bibliografik tavsifi, shuningdek, mazmuni, unda koʻtarilgan muammolar, asarning gʻoyaviy va badiiy xususiyatlari, muallif ijodida, adabiyotda tutgan oʻrni haqida maʼlumot boʻladi; asarga baho beriladi, uning asosiy fazilatlari va nuqsonlari qayd qilinadi. T. asosan keng kitobxonlar ommasi uchun moʻljallanadi, ularni yangi asarlardan ogoh qiladi, zarurini tanlab olishga koʻmaklashadi. Ichki T. ham boʻladi, nashriyotga kelgan badiiy, tanqidiy va ilmiy-ommabop asar ichki T.ga beriladi, biroq, bu T. matbuotda eʼlon qilinmaydi.

Rus tanqidchiligi tarixida T.ning rivojida V.G. Belinskiyning roli katta. U T.ni haqiqiy sanʼat darajasiga koʻtardi. T. badiiy asar haqida shunchaki maʼlumot beruvchi janr darajasidan adabiy hayotning muhim masalalarini koʻtaruvchi, kitobxonni hayot va adabiyot haqida oʻylashga oʻrgatuvchi, uning estetik didini tarbiyalashga yordam beruvchi janrga aylanadi. Taqriz tadqiqot ishi, darslik va oquv-metodik qollanmalarga beriladigan taqidiy baho bolib, unda mazkur ishning dolzarbligi va zarurati, ishning mazmuni meyoriy hujjatlar talablariga mosligi, muallif erishgan yutuqlar, qollangan yangi metodlar va texnologiyalar, ishning rasmiylashtirilishi va savodxonlik darajasi tahlil qilinadi, Bunda, albatta, taqrizchi shu soha mutaxassisi bolishi va subektivlikka yol qoymasligi kerak.

Taqrizning xarakteriga koʻra xilma-xilligi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kengaytirilgan annotatsiya tipidagi T.da asar haqida bibliografik maʼlumot beriladi. Tanqidiy yoki publitsistik maqola T. larida konkret asar munosabati bilan biron muhim masala haqida fikr yuritiladi. Esse (adabiy oʻylar) xarakteridagi T.da taqrizchi oʻz fikr-tuygʻularini, asarni oʻqish jarayonida hosil boʻlgan taassurotlarini lirik tarzda ifodalaydi. Nihoyat, muallif oʻz asariga ham T. yozishi mumkin (avtotaqriz). Bunda muallifning asarga qarashlari bayon qilinadi yoki u biron munosabat bilan munozaraga kirishadi.

Taqrizning tili va uslubi boshqa janrlardan alohida ajralib turmaydi. Lekin taqriz qilinayotgan asar haqida, uning yutuq va kamchiliklari qay darajada koʻrsatilishidan qatʼi nazar, neytral til vositalaridan tashqari, obrazli, mazmunli, taʼsirchan-ekspressiv buyokdor til vositalaridan ham foydalanilgan holda fikr yuritiladi.

T.larning aksariyat qismida rukn vazifasini „taqriz“ soʻzining oʻzi bajaradi.

Taqrizning leksik va grammatik xususiyatlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

T.da uning biror soha yoki kitob, spektakl, kino, jurnallarga bagʻishlanganligiga qarab til vositalaridan turlicha foydalaniladi. Bu, albatta, muallifning asarga boʻlgan munosabatidan ham kelib chiqadi. T.ning yana bir harakterli xususiyati, unda kirish soʻz va birikmalarining qoʻllanishidir. Masalan, „Nazarimda, ayrim yosh ijodkorlar mutolaa, adabiy savod masalasida ham gʻaribroqday. Zotan, sirdaryolik yosh ijodkor Dilmurod Doʻst nazarda tutgan — „quyib qoʻygandek oʻziga oʻxshagan“ sheʼr yozish uchun isteʼdodning oʻzi kamlik qiladi („OʻzA sayti“).

Yana bir harakterli holat shuki, T.da taʼkid-munozara tarzida soʻroq gaplardan ham foydalaniladi: „Ikkita qushlar“ degani nima? Sonning oʻzi koʻplikni bildirmaydimi?“ („OʻzA sayti“). T.da ishlatilgan bir necha soʻroq va undov gaplar ham uning taʼsirchan yozilishiga maʼlum darajada hissa qoʻshadi. Ular materialning oʻqilishli qilishga yordam beradi, gazetxonni mulohaza yuritishga undaydi: „…baʼzan ishqiy izhor kimga qaratilgani mavhum, qizgami, yigitgami? Hatto Yaratganga ham murojaat bir xil. Shundan ehtiyot boʻlish kerak emas mi?“ („OʻzA sayti“).

T.larning tili maqola, xabar, reportaj kabilarnikidan deyarli farq qilmaydi. Chunki ularda ham, T.da ham neytral til vositalarining qoʻllanishi koʻproq koʻzga tashlanadi. Lekin farqli tomoni shundaki, T.da ifodalilikni oshiruvchi til vositalari juda kam qoʻllanadi. Maqola, reportaj kabilarda ekspressivlikni ifodalash imkoniyatlari birmuncha kengroq, T.da esa iboralar, oʻxshatish, metaforalar, baʼzan soʻroq gaplar, ayrim grammatik shakllar ekspressivlikni ifodalashda maʼlum darajada rol oʻynaydi. Frazeologizmlar, xalq maqollari T.larda deyarli ishlatilmasligini ham qayd etish mumkin. Shu bilan birga, soʻnggi yillar mobaynida T.larning tilida taʼ sirchanlikni oshiruvchi vositalar avvalgiga qaraganda koʻproq uchrayotganini ham inkor etib boʻlmaydi.

Oʻzbek adabiyotida taqrizchilik

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzbek adabiyotida T. 20-asr boshlarida vaqtli matbuot bilan teng rivojlana boshlagan. Endilikda T. oʻzbek adabiy tanqidchiligining eng muhim janrlaridan boʻlib qoldi. Oybek, Abdulla Qahhor, Shayxzoda, Gʻafur Gʻulom kabi yozuvchilar, O.Hoshimov, S.Husayn, Olim Sharafiddinov, V.Zohidov, I.Sultonov, H.Yoqubov, M. Qoʻshjonov, Ozod Sharafiddinov, U.Normatov, N. Xudoyberganov, I.Haqqulov va boshqa olimlar oʻzbek adabiy hayotida chuqur iz qoldirgan T.lar yaratdilar.

  1. Oʻzbek tilining izohli lugʻati. A. Madvaliyev tahriri ostida. 4-jild.-T.: Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi, 2008.